17-aprel kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyati axborot-kutubxona markazida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamkorligida “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “Soʻz sandiqchasi” hamda “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida Buxoro viloyati hokimining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi A. Rustamov va Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi bosh mutaxassisi G. Tuychiyevalar soʻzga chiqib, oʻzbek tilining bugungi rivoji, uning kelajak avlodlar uchun naqadar muhim meros ekanini alohida taʼkidladilar. Ularning samimiy va mazmunli chiqishlari yigʻilganlarga chuqur taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari Z. Muqimova tomonidan kitoblar taqdimoti yuksak saviyada oʻtkazilib, har bir asarning oʻziga xos jihatlari, ilmiy va amaliy ahamiyati batafsil yoritib berildi.
Mazkur uchrashuv nafaqat yangi kitoblar bilan tanishuv, balki ona tilimizga boʻlgan mehr va ehtiromni yanada mustahkamlovchi, qalblarga ilhom bagʻishlovchi maʼnaviy bayram sifatida barchaning yodida qoldi.








